Onajon... Bunchalar bag‘ritosh eding?
Bunchalar mehringni qizg‘onding mendan?
Bolam yosh, bor haqdan qo‘rqmasin deya,
Olisda jon berding. Xafaman sendan.
Onajon. Bunchalar qattiqqo‘l eding?
Yigit deb tegirmon toshga soldirding.
Hayotni o‘rgansin o‘g‘il bolam deb
Charxfalak zamonda yolg‘iz qoldirding.
Onajon, bunchalar mehri tosh eding?
Bor mehring yuklading. Men qotmagan jon.
Mehringga zorman-u, tog‘dek mehringni,
Yelkamda ko‘tarib yuribman hamon.
Onajon, bunchalar mehribon eding:
Bir borga bir yo‘qdir taqdiri azal.
Bir bora shapaloq ursang yashardim,
Mehringni sog‘inib o‘lgandan afzal.
Onajon? Bunchalar arazchi eding?
Arazlab ketgansan. Ko‘rgim keladi.
Tong sahar quymoqlar yegim kelsa yo‘q,
Meni ham arazlab yurgim keladi.
"Onalar oyog‘i ostida jannat".
Bunchalar nodonman, endi bilibman.
Sen ketgan so‘qmoqdan topib olganim
Hali ham kovushing kiyib yuribman...
8-Avgust, 2012 yil.