Do‘stimki, dushmanimga do‘stlik qilarkan, uni men do‘st hisoblamayman. Zaharga qo‘shilgan shakardan ehtiyot bo‘l. Abu Ali ibn Sino.

Dada, sizni sog‘indim!

Ona qizim, sog‘inchim!

- Ona qizim, momo qizim, yig‘lamasdan
Qani ayting: “Oq yo‘l dada!” - ayting qizim.
Sizga katta bir qo‘g‘irchoq olib kelay,
Ergashmasdan ostonadan qayting qizim!

Ko‘z yoshingiz artib olay ro‘molchamga,
Isingizni hidlab olay, kuling qizim.
Munchoqqinam, yuragimda tumorimsiz,
Men qaytguncha o‘ynab kulib yuring qizim!

Onajoni, mehriboni, qarab turing,
Sochlarini og‘ritmasdan tarang qizim.
Birgalashib dars qilinglar, o‘ynang o‘yin,
Qarang, qanday kulgulari jarang qizim!

Osmon uzoq, yer qattiqlik qilar endi.
Olislardan topgan ishim kimga kerak?!
Sabr deyman, ammo gapga ko‘nmas sog‘inch,
Qizim bilan uyda qolgan hatto yurak.

Qo‘lim ishga bormas, xayol munchog‘imda:
Nima qildi? Nima kiydi? Nima yedi?
Maktabichi? Muallimi majlisga deb
Chaqirtirsa sodda qizim nima dedi?

Tushlarimda arz qiladi ayiqchasi:
“Menga hatto qaramaydi sizni o‘ylab”.
Uyqu qochar, sog‘inch ezar, charchoq g‘olib,
Uxlataman o‘z-o‘zimga ertak so‘ylab.

Qurib ketsin ro‘zg‘ori ham, tirikchilik,
Qurib ketsin orzu havas, topish-tutish.
Farzandidan uzoq bo‘lsa otalarning
Hayoti ham it yotishu, mirza turish.

Ishim tugab tez qaytaman, bag‘rim to‘lar.
- Otasini mehriboni bo‘lgan qizim!
Keling bitta achom qilay, sog‘inganman,
Jajji qo‘li duolarga to‘lgan qizim!

25-Iyul, 2017 yil.
Sog‘inchli tun.

Sahifamda zerikib qolmang!

  • O‘lmasoy Nishonova. Meni ishqdan sovutma dunyo...

    1984-yilning 22-avgustida Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tavallud topgan. Tumandagi o‘rta maktabni tamomlab, Marg‘ilon Milliy Xunarmandchilik Litseyiga o‘qishga qabul qilingan. Ijod namunalari «Marg‘ilon gulshani», «Farg‘ona tomonlarda» kabi to‘plamlarga kiritilgan.

  • Abdul Boqiy

    Abdul Boqiy (Kenjaboyev Abdulboqi Urayimjon o‘g‘li) – 1978-yilning 15-aprelida Namangan viloyatining Chortoq shahrida tavallud topgan.
    Adabiy faoliyati mobaynida nafaqat anʼanaviy uslubda, balki Modern, xususan, Neo modern, Metamodern uslublarida nazm va nasrda ijod qiladi.

  • Hamkasbimga hazil

    (Hamkasbimga hazil)

    Ul yigitkim bir jahon, bu zamon bir donadur,
    Yo‘q demakim ko‘rkini, har sifat nishonadur.

    Bir Umar farzandi ul, kindik qoni Namangon,
    Makon bo‘ldi Andijon-kim, tahsili Farg‘onadur.

  • Yoqimli sheʼr

    Yoqimli sheʼr. O‘zim yozdim. O‘zimga.
    Sheʼr yo‘g‘ida bir o‘qishga yaroqli.
    Mazza qildim! Tasanno har so‘zimga!
    O‘qiyapman qayta qayta. Maroqli.

  • Yoshlarga to‘y hazili

    Fido bo‘ldi bir oshiqning hurlik oni to‘yxonada,
    Bir gul yuzli barno kutar bo‘ldi uni ostonada.

    Ahli yori o‘ynab kular oshiq ko‘nglin olmoq bo‘lib,
    Ammo oshiq ko‘ngli to‘yda emas balki durdonada.

  • Matmusaning kartasi - 2

    Kirib kelar yangi yil, hayit eshik qoqmoqda,
    Bizning dono Matmusa kassa tomon boqmoqda.

    Ishlar joyi tayindir, maoshidan ko‘ngli to‘q,
    Bor boyligi kartada, cho‘ntagida tiyin yo‘q.
    Kutib o‘tar kun sayin, ishga kelar maosh deb,
    Axir bir kun tugaydi, yotaversa karta yeb.