Otamning xotirasiga bag‘ishlayman.
Sen soddasan, sabrli, sokin,
Bir oz o‘jar, ko‘proq beozor.
Mustahkamsan, bir ozgina mo‘rt,
Bir oz qo‘pol, mayinsan chinor.
Yuraging keng, ko‘klarga oshiq,
Shox taratsang dunyo senga tor.
Feʼli torlar kessa shoxlaring,
Indamasdan ko‘nasan chinor.
Ming bir g‘ubor bargingda asir,
Yomg‘ir, do‘ldan menga xaloskor,
Jahlim chiqar xazonrezgida,
Qahraton xam olovsan chinor.
Men eslayman. Chinorli ko‘cha.
Qizil shafaq. To‘polon bozor.
Shomdan darak berib chug‘irlar
Minglab qushga vatansan chinor.
Kimga taxta, kimgadir o‘tin,
Kimdir oshpaz, kimdir duradgor.
Balki askar, balki beshiksoz,
Shoxlaringni bergansan chinor.
Bor ibtido, bordir intixo,
Ming yil o‘sib bir qulashing bor.
Zamin borki, kurtak unadi:
Tomiringdan ayrilma chinor.
26.05.2016 yil.
Toshkent.