Olisga yetaklab ketgan bu hayot,
Yo rizqim to‘kilgan olis tuproqqa.
Sabrimni sinaydi bunchalar sog‘inch?
Borim alishdimmi shunday firoqqa?
Sabr so‘raymanu, o‘rtanar yurak,
Chorlaydi anhorim, olis bahorim.
Bog‘larim ifori, vatan tuprog‘i,
Farzandim, gul yorim, onaizorim.
Yupatma ey falak! Dunyo charxfalak.
Besh kunlik dunyoda so‘nmasin tilak.
Hijronlar o‘tkinchi, sog‘inch esa g‘am,
To sog‘inch bor ekan, intilar yurak.
Bir yonda ishqimga to‘ymagan yorim,
Bir yonda mehrimga qonmagan bolam.
Uylarim, bog‘larim, kutar ostonam,
Yo‘limga ko‘z tikkan otam-u onam.
Kunlarim bezovta, tunlarim bedor,
Vatanga qaytar on kutar intizor.
Bir chimdim tuzingni sog‘indim Vatan,
Musofir yurtlarda hech qilmasin hor.
2019