Olisdagi qoyalarga boqsam termilib,
Yo sharqirab oqar suvga tushsa nigohim,
Xotiralar yuragimni o‘tadi tilib,
Nahot seni uchratganim bo‘ldi gunohim.
Yulduzlarga termilgancha o‘ylayman seni.
Faqat ular guvoh bo‘lgan visol onimga.
Qo‘shiq aytsam ohangidan quvnardi dilim,
Nechun endi azob berar ular jonimga?
Uzoqlarga ketsam taʼqib etar xayollar.
Tushlarimda tinchlik bermas “Visol” deb yurak.
Sen tomonga tortqilaydi o‘ynoq shamollar,
Pinhon bo‘lgan sevgim mening senga-mi kerak?!
Yuragimga oshno bo‘ldi qo‘lda qalamim,
Sheʼrlarimda bayon etdim ohu zorimni.
Dil qulfini ocholmagan tilmi aybdor,
Aytganimda bo‘lmasmidi dilda borimni?!
Aytolmasdim. Nigohingda yashirin maʼno.
So‘zlaringda muhabbatga cheksiz ehtirom.
Vujudingda ishq o‘tidan taralgan yog‘du
Faqat o‘zga muhabbatga berardi orom.
Sentyabr, 1999 yil.