Sog‘inchlaring sog‘inchimga yetolmaydi,
Yurakkinam seni tashlab ketolmaydi,
Afsus, visol bugun xushnud etolmaydi,
Sog‘inganim, sog‘indingmi sen ham meni?
Qanchalar xam sog‘inganim bilsang edi,
Tushlarimga mehmon bo‘lib kelsang edi,
Hijron emas, sen yuragim tilsang edi,
Shiringinam, sog‘indingmi sen ham meni?
Bulutlarga maktub yozsam olarmisan?
Tunda oyga suratingni solarmisan?
Quyosh kabi sen ham ishqdan yonarmisan?
Erkatoyim, sog‘indingmi sen ham meni?
Mehring berib mehrim olib qolganmiding?
Zaxmim olib qalbimga ishq solganmiding?
Sen xam mendek visol kutib tolganmiding?
Oyqizginam, sog‘indingmi sen ham meni?
Sen ham mendek kunlar sanab yurgandirsan?
Har lahzani tez o‘tsin deb turgandirsan?
Hijron zahmin sen ham mendek bilgandirsan?
Mehribonim, sog‘indingmi sen ham meni?
Janubiy Koreya.
Dekabr, 2008 yil.