Kel bahorim, kelaqol,
Endi mening onam yo‘q.
Boshimga do‘l yog‘dirsang
Endi mening otam yo‘q.
Sochimni tort, ko‘z yosh to‘k,
O‘yna har yil men bilan.
Men pishmagan sumalak,
Sumalak qil men bilan.
Kel, yasaylik gulchambar,
Endi qizim boshiga.
Onam tergan toshni top,
Qo‘shaylik to‘ptoshiga.
Kel, yasaymiz oq varrak,
Mendan senga kim kerak?
Men yetimcha kapalak,
Oq terakmi? Ko‘k terak?!
Chorla lola sayliga,
Bugun bag‘rim qizg‘aldoq.
Quvlashmachoq o‘ynaymiz,
Yoki topgan topaloq.
Yo‘q, berkinma, topolmay
Qolishimdan qo‘rqaman.
Olis ketma, yetolmay
Qolishimdan qo‘rqaman.
Yaxshisi sen aytib ber,
Navro‘z ertak onamdek.
Ko‘chat ekib, ildizi,
Yerga ketgan otamdek.
Chaqir momoqaldiroq,
Dodlashaylik bellashib,
Chaqir yomg‘iroyingni,
Yig‘lashaylik bellashib.
Yo‘q, yaxshisi, erkala,
Alda, mening onam yo‘q.
Ketmon tutqaz, ko‘k choptir,
Koyi, mening otam yo‘q.
Hayron bo‘lma, baʼzida,
Injiq bo‘lib qolaman.
Men kimmanu, o‘zimdan
Alamimni olaman?!
Kulma bahor, aljirab,
Dardim qildim dasturxon.
Katta bo‘lib boshingda,
Kattang bo‘lmasa yomon.
Kel bahorim, kelaqol,
Endi o‘zim otaman.
Xafa bo‘lma, ko‘nglimda
Hali ham yosh bolaman.
Aprel - May, 2019 yil.