Donishmandlik bizga hayot so‘qmoqlarida ulug‘ saodatni hozirlab inʼom etuvchi vositadir. Abu Ali ibn Sino.

Soat va Hayot

Soat va Hayot

Soat taqmagan odam naqadar baxtli...

Qo‘lingdagi soatga hech eʼtibor berganmisan? Doimo vaqtni bilgani qo‘lingga qaraysanu faqat uning millariga nazar tashlaysan. Bugun esa bir bor unga boshqa bir nazar bilan qarab ko‘r. Sezyapsanmi?!

Millarning harakatida, ularning ko‘rinishida qandaydir hayotiy mazmun borga o‘xshaydi. Ularda qandaydir sehrli kuch borki, ular sening butun borlig‘ing bilan o‘ziga rom qiladi. Ular seni hayotingni bir zumda alg‘ov dalg‘ov qilib tashlashga xam, yoki bir tizimga solib qo‘yishga ham qodir.

Bilasanmi, soatingga nazar tashlashing bilan u sening asl basharangni oshkor etib qo‘yadi. Ishonmaysanmi? Unda o‘zgalarni o‘z qo‘llardagi soatiga qarashlarini zimdan kuzat. Ularning qiyofasida, basharasida shunday o‘zgarishlarni ko‘rasanki, bunday sermazmun ifodani eng samimiy inson yuzida ham ko‘rmaysan. Atrofdagilarga qarama, ular har doim ham soatga qarayvermaydilar. Bundan tashqari ularning yuzidagi alomatlarni o‘qish uchun katta bilim va isteʼdod kerak.

Soat millariga yaxshilab eʼtibor ber. Ular sening hayotingni, umringni qanday nisbiy tezlikda o‘tayotganini ko‘rsatib turadi. Nisbiy deyishimga asos bor. Bu dunyoda hamma narsa o‘lchovlidir. Lekin har narsaning o‘lchovi boshqa o‘lchovlarga nisbatan olinadi. Shu jumladan vaqt xam. Lekin vaqtni boshqa o‘lchovlar singari taʼriflash, hisoblash, o‘lchash oson emas. Barcha o‘lchovlarning minglab chegarasi, yo‘nalishi bor. Vaqt esa faqat bir yo‘nalishda va birgina chegaradan boshlanadi. Chegarani nisbiy belgilab olishing mumkin. Yo‘nalishi esa o‘zgarmasdir.

Soat esa vaqtni ko‘rsatgani bilan uning millar bir nuqta atrofida aylangani aylangan. Bir nuqtadan o‘tsa albatta yana shu nuqtaga qaytib keladi. Hayot esa qaytib kelmaydi. Soat millari bir oz kechiksa yoki shoshilsa uni o‘zgartirish mumkin, lekin adashib o‘tgan umrni qaytarib bo‘lmaydi. Soatni hayotga, umrga o‘xshatganimga ajablanma. Dunyoda har narsani bir-biriga o‘xshatsa bo‘ladi. Chunki har bir narsaning yaratuvchisi yagona Allohdir. Yana Alloh biladi.

Soat qismlariga, uning ichki dunyosiga hech ko‘zing tushganmi? Ishonamanki, ular orasida tinmay tebranib turgan mayatnikdan boshqa narsa eʼtiboringni o‘ziga jalb qilmagan. Qolgan qismlar shunday ohistalik bilan harakat qiladilarki, ularni kuzatish naqadar zerikarli. Tasavvur qila olasanmi?! Shu qismlarni, soatning ichki dunyosini o‘z hayoting deb tasavvur qil. Sezdingmi? Bu hayotda sening o‘rning mana shu mayatnikdan boshqa joyda emasligiga ishonching komil bo‘ladi. Soatning sozligi, bir maromda yurib turishi mana shu mayatnikka bog‘liq bo‘lgani kabi sening hayoting mazmuni ham sening harakatingga bog‘liq. Yuraging urishi ham mayatnik chiqqillashiga o‘xshaydi.

Qolgan qismlarni esa seni o‘rab turgan tashqi olam, borliqqa o‘xshatish mumkin. Hayoting mazmuni mana shu qolgan qismlar sozligiga, ularning harakatiga bog‘liq. Soatning boshqa qismlari harakati mahsuli ham o‘z navbatida sening, kechirasan, mayatnikning sozligiga asoslanadi. Qismlardan birontasi nosoz bo‘lsa qolganlarining xizmatlari befoyda.

Bu qismlarning barchasi soat millarini harakatlanishi uchun xizmat qiladi. Soat millari soatdan soatga, daqiqadan daqiqaga, soniyadan soniyaga o‘tib bir o‘q atrofida aylanaveradi...

Soniya ko‘rsatkichi sening soatingda bormi, yo‘qmi, buning ahamiyati yo‘q. Chunki ko‘pchilik unga ahamiyat bermaydilar. Tinmay, hammasidan ko‘proq harakat qilib soniyalarni sanasa ham uni kamdan kam eslashadi. Hatto qarab ham qo‘yishmaydi. Qarashadi. Soat ishlamoqdami, yo‘qmi, shuni bilish uchun qarashadi. Shunda ham ko‘pchilik quloqqa tutib ovozini eshitishadi. Soniya ko‘rsatkichini sening doimiy mayda ishlaringga, tashvishlaringga, gap so‘zlaringga o‘xshatsak bo‘ladi. Chunki ularga ham kamdan kam eʼtibor berishadi. Sening hayot ekanliging, tirikliging mana shu ko‘rsatkichlardan bilinib turadi. Agar tekshirishmoqchi bo‘lishsa, yuragingga quloq solib ko‘rishadi, to‘g‘ri, agar harakating yo‘q bo‘lsa. Lekin maydalashishning nima keragi bor?

Daqiqa ko‘rsatkichini esa sening katta ishlaringga, kasbingga, oilangga o‘xshatish mumkin. Uni kamdan kam unutishadi. Juda bo‘lmaganda yaxlitlab aytishadi. Daqiqalari bo‘lmagan soat soatmi? Bunday soatning nosozligi bir qarashdayoq bilinadi. Xuddi ishsiz, oilasiz, hunarsiz inson kabi. Lekin baʼzida bunday soatlardan ham foydalanishadi. Lekin mujmal hayot mazmuni kimni ham qiziqtirardi.

Vaqtni bilgani eng avvalo soat ko‘rsatkichiga qaraysan. Bilasanmi, uni sening hayotingga, umringga, hayoting mazmuniga o‘xshatish mumkin. Juda sekin harakat qiladi-yu, lekin juda katta foydasi bor. U o‘zini urintirmaydi, daqiqa va soniyalar qilgan ishni yaxlit xolda ko‘rsatib qo‘ya qoladi. Inson hayoti mazmuni ham xuddi shunday.

Lekin hayot aniqlikni talab qiladi. Shuning uchun soatga doimo daqiqalar qo‘shib aytilganidek, inson hayoti mazmuniga uning qilgan ishlari qo‘shib aytiladi. Lekin bilasanmi, hayotda shunday ishlar borki ularning aksari qismi soniyalarsiz mazmunga ega bo‘lmaydi. Buyuk Boshlanishlar xam, Tugallanishlar ham soniyalar bilan o‘lchanadi. Inson hayotida ham asosan uning nazarga ilmagan mayda-chuyda ishlari katta taʼsir ko‘rsatadi. Soat qismlarining yarimidan ko‘prog‘i mana shu soniya ko‘rsatkichini harakatga keltirish uchun xizmat qiladi. Sening atrofingdagi insonlar xam, borliq xam, tabiat ham asosan sening mana shu mayda tashvishlaring uchun xizmat qiladi. Shunday bo‘lsada sen soniyalar ko‘rsatkichini hech qachon aniq sozlab qo‘ygan emassan. Bunga mening ishonchim komil.

Soat millarini to‘g‘rilashga shoshilma. Undan ko‘ra o‘z xatti harakatlaring sozlab ol. Soatni sozlaganda ham boshqa birovdan vaqtni so‘rashingga to‘g‘ri keladi. Boshqa soat to‘g‘ri sozlanganmi, yo‘qmi, buning uncha muhim ahamiyati yo‘q. Lekin hayoting millarini sozlashda namuna tanlashga ehtiyot bo‘l. Bunda Zamon va Makon qonunlarini o‘zaro bog‘liq ekanligini unutma. Shundagina sen soatingni oshkora taqib yura olasan. Chunki o‘zgalar vaqtni so‘raganda uyalib qolmaysan.

Qo‘lingdagi soating hamon ishlamoqda. Lekin sen uning muruvvatini burab qo‘yishni unutma, aks xolda to‘xtab qoladi. Chunki har narsaning o‘z nihoyasi bor. Shuningdek hayot ham o‘z intihosiga ega. Sening hayoting muruvvati qanchadir miqdorda burab qo‘yilgan. U qachon to‘xtaydi, yana qayta buraladimi yagona Allohga maʼlum. Sen esa bu vaqt ichida bir maromda tebranib tursang bo‘lgani. Sendan foydalanishadimi, yo‘qmi, bu sening tebranishlaring maromiga, atrofingdagi qismlarning sozligiga bog‘liq.
Hayot davom etaveradi, vaqt esa cheksizdir...

22 fevral, 1999 yil

Sahifamda zerikib qolmang!

  • O‘lmasoy Nishonova. Meni ishqdan sovutma dunyo...

    1984-yilning 22-avgustida Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tavallud topgan. Tumandagi o‘rta maktabni tamomlab, Marg‘ilon Milliy Xunarmandchilik Litseyiga o‘qishga qabul qilingan. Ijod namunalari «Marg‘ilon gulshani», «Farg‘ona tomonlarda» kabi to‘plamlarga kiritilgan.

  • Abdul Boqiy

    Abdul Boqiy (Kenjaboyev Abdulboqi Urayimjon o‘g‘li) – 1978-yilning 15-aprelida Namangan viloyatining Chortoq shahrida tavallud topgan.
    Adabiy faoliyati mobaynida nafaqat anʼanaviy uslubda, balki Modern, xususan, Neo modern, Metamodern uslublarida nazm va nasrda ijod qiladi.

  • Yoqimli sheʼr

    Yoqimli sheʼr. O‘zim yozdim. O‘zimga.
    Sheʼr yo‘g‘ida bir o‘qishga yaroqli.
    Mazza qildim! Tasanno har so‘zimga!
    O‘qiyapman qayta qayta. Maroqli.

  • Hamkasbimga hazil

    (Hamkasbimga hazil)

    Ul yigitkim bir jahon, bu zamon bir donadur,
    Yo‘q demakim ko‘rkini, har sifat nishonadur.

    Bir Umar farzandi ul, kindik qoni Namangon,
    Makon bo‘ldi Andijon-kim, tahsili Farg‘onadur.

  • Yoshlarga to‘y hazili

    Fido bo‘ldi bir oshiqning hurlik oni to‘yxonada,
    Bir gul yuzli barno kutar bo‘ldi uni ostonada.

    Ahli yori o‘ynab kular oshiq ko‘nglin olmoq bo‘lib,
    Ammo oshiq ko‘ngli to‘yda emas balki durdonada.

  • Matmusaning kartasi - 2

    Kirib kelar yangi yil, hayit eshik qoqmoqda,
    Bizning dono Matmusa kassa tomon boqmoqda.

    Ishlar joyi tayindir, maoshidan ko‘ngli to‘q,
    Bor boyligi kartada, cho‘ntagida tiyin yo‘q.
    Kutib o‘tar kun sayin, ishga kelar maosh deb,
    Axir bir kun tugaydi, yotaversa karta yeb.