- Assalom alaykum!
- Vaalaykum assalom. Xush kelibsiz! Suhbatimiz uzilib qolganidan afsusdaman. Uzr, tirikchilik. O‘tgan kungi suhbatimizda sizni ayblab ancha xafa qilib qo‘ydim. Kechiring. Lekin qalbingizni yemirayotgan shubhalarga, fikrlarga befarq qarab turolmasdim. Qalbingiz nurga to‘lsin do‘stim.
- Bunchalar shirinso‘zsiz? Har bir yozganingizni xuddi kitob o‘qiyotgandek o‘qiyman.
- Siz mendan ko‘ra chiroyliroq yozasiz. Inson qalbi go‘zal bo‘lsa uning fikri ham, so‘zlari ham go‘zal bo‘ladi va qalbga orom baxsh etadi. Shuning uchun ham qalbi go‘zal insonlarni suhbatiga barcha birdek intiladi.
- Qalb go‘zalligi?! Qani endi inson qalbini ko‘ra olsam? Ularning ko‘nglida nimalar yashirin ekanligini bilsam baxtli bo‘larmidim? Yolg‘onlardan, tuhmat va taʼnalardan uzoq bo‘larmidim?
- Inson qalbini ko‘rish qiyin emas do‘stginam. Buning uchun insonning asl mohiyatini, uning qadrini va qiymatini bilishning o‘zi yetarli. Lekin, oyning ham qorong‘u tomoni bor. Insonni o‘rab turgan koinotni his qila bilish va mana shu koinotning bir zarrasi ekanligimizni bilishimizning o‘zi katta ish. Agar siz qalbingiz suygan insonni bir zarrasi ekanligingizni tushunmas ekansiz, uning qalbiga yetishingiz amri mahol.
- Do‘stginam... Bu qanchalar yoqimli eshitilmasin, baribir nimadir yetishmaydi ... Qalbingiz suygan inson bo‘lishni istardim. Ovozingizni eshitishni istardim.
- Qalbim suygan insonim ekanligingizga shubhangiz bormi? Har bir do‘stim qalbimning mehmoni emas, mezboni bo‘lsin uchun taklif qilaman. Telefonim hozircha ishlamayapti. Do‘stim, biz qalban shu qadar yaqin do‘stmizki, ovozimiz ikkimiz oramizdagi samimiyatga ortiqcha hissa qo‘shishiga shubham bor.
- Ha. Darhaqiqat samimiy do‘stimsiz. Nafaqat do‘st, balki sirdoshsiz. Hayotimning har lahzasini biladigandeksiz. Har bir muammolarimga javob topib bera olasiz. Sizdan sabrni o‘rgandim, mehrni o‘rgandim, sevishni va sevilishni o‘rgandim. Lekin qani o‘sha men orzu qilgan muhabbat? Qani o‘sha men kutgan shahzoda?
- U keladi. U qalbingizda. Qalbingiz shahzodasini kutmang, balki uni taxtga o‘tqazing. Xoh shox bo‘lsin, xoh u gado, uni muhabbatingiz qasrining taxtiga o‘tqazish sizning ixtiyoringizda.
- Qani endi imkon bo‘lsayu, mana shu tojni sizning boshingizga qo‘ndirsam. Har gal “Do‘stim” deb qo‘limdan ushlaysiz. Men esa tojni havoda muallaq ushlagancha qolaveraman.
- Talablaringizdan bilamanki, muhabbatingiz qasri asl oltindan, uning qulflari esa zabarjadlardan ishlangan. Axir bunday qasrga kirishga kimning ham haddi sig‘ardi? Qulflarni chilparchin qiling, toju taxtni xalqqa ulashing. Balki shunda qasrning jilosida qamashgan ko‘zlaringiz qalbingiz to‘rida ko‘krak kerib turgan shahzodani ilg‘asa?!
- Siz ko‘zimni qamashtirgan jilolarda ham ko‘rinyapsizku?
- Negaki siz meni ko‘rishni istagansiz. Men esa sizning do‘stingiz bo‘lishni, samimiy va qiyomat do‘stingiz bo‘lishni orzu qilganman.
- Siz do‘stim bo‘ldingizu, hayotim turfa ranglarga bo‘yaldi. Ko‘zlarim ko‘rmagan jilolardan bahramand bo‘ldim, tosh qalbimni eritib, insonlarga mehr ila qarashni o‘rgatdingiz. Lekin, nima uchun? Xatolarimni anglashim uchunmi? Yoki men izlagan inson hayotda borligini isbot qilish uchunmi? Yoki menga sarobni ko‘rsatib, so‘nggi umidimni ham so‘ndirish uchunmi?
- Yo‘q aziz do‘stim. Qalbingizdagi isyonni sababi men emas, isyonning o‘zi... Negaki siz araz va ginalardan, manqurtlik va xudbinlikdan voz kechmoqchisiz. Ularning ham isyon qilishiga haqqi bor. Umidni esa so‘ndirishingizga haqqingiz yo‘q. Negaki atrofingizda barcha umid bilan yashamoqda. Ularga imkon bering.
- Siz menga imkon bering?!
- Men do‘st bo‘lib qolishingizni istayman. Qiyomatli do‘st.
- Men endi boshqasini tasavvur qila olmayman. Bilaman, men qanchalar razil bo‘lganimni, qancha qancha dillarni yakson qilganimni. Lekin sizdek insonni uchratganimda uni albatta baxtli qilardim.
- Boshqalar baxtli bo‘lishga loyiq emaslarmi?
- Ular men bergan baxtni qadriga yetmaydilar.
- Baxtli bo‘lishning qadriga yetishdan ko‘ra baxt berishni qadriga yetmoqlik yaxshiroq. Siz insonlarga baxt ulashuvchi insonsiz. Men sizga ishonaman.
- Bunga siz ko‘proq haqlisiz.
- Barchamiz bunga haqlimiz.
- Men sizni topaman. Albatta topaman.
- Men hammadaman, barcha joydaman, siz tanlagan insonlardaman.
- So‘z o‘yini qilmang bu safar. Men sizni o‘zingizni, asl o‘zingizni topaman.
- ...
- Nega javob bermaysiz? Siz kimsiz? Insonlarga umid ulashuvchi farishtami yoki ularning qalbini o‘g‘irlovchi yovuz ruxmi? Nega meni hayotimga kirib keldingiz? Nega unda gulzorlar yaratdingizu, ularni qarovsiz tashlab ketdingiz? Nega menga samimiyatdan, haqiqatdan, mehrdan va muhabbatdan saboq berasizu, imtihon qilgingiz kelmaydi? Kimsiz o‘zi?
- ...
- Nahotki osongina unuta olsangiz? Aybim sizni ko‘rmay sevganimmi? Sizni xayolan, olisdan tanib suyganimmi? Yoki men sizga loyiq emasmanmi? Meni sevolmasangiz yoki boshqasini sevsangiz ochig‘ini ayting?! Sizni butun borlig‘im bilan hurmat qildim, ishondim, sevdim. Siz esa xiyonat qildingiz, unutdingiz! Javob bering!!!!
- ...
- Menga keraksiz. Bugun keraksiz. Siz aytgan shahzoda keldi. Oppoq ot minib keldi. Chilparchin bo‘lgan muhabbatim qasrini vayronalarini changitib keldi. U siz qachonlardir misol tariqasida taʼriflagandek oddiy, to‘pori, qo‘pol va bir so‘zli. Na shirin so‘z chiqdi, na biror bir maslahat. Shunday bo‘lsa ham ko‘nglim unga taʼzim qildi, lekin muhabbatim tabassumini hamon yashirmoqda. Ko‘nglimning g‘ururini egib qo‘ygan ekansiz, taslim bo‘ldim. Nima qilay? Maslahat bering?!
- ...
- Hatto to‘yga ham taklif qilmadim. Hammasi ko‘z yumib ochguncha sodir bo‘ldi. Suhbatlarimizni esladim. Birinchi turmush zarbasidayoq sizga rahmat aytdim: sabrim meni himoya qildi. Zarb o‘tib ketdi, lekin quvonchlarim ketmadi. Biz hamon baxtlimiz. Har doimgidek, javobingizdan umid qilmayman. Bilaman, xabarlarimni o‘qiyapsiz. Shunisiga ham shukr ...
- ...
- Turmush bilan bo‘lib, farzandlar bilan ovora bo‘lib sizga biror xabar ham jo‘nata olmadim do‘stim. Bugun yana menga keraksiz. Ayriliqlarga, judoliklarga, taqdir sinovlariga bardoshim yetmayapti. Suhbatlarimizni ko‘chirib olmaganimga afsusdaman. Bir oz bo‘lsada tasalli berardingiz, yo‘l ko‘rsatardingiz ... Sizdan so‘ng u menga suyanchiq bo‘ldi ... Ruxini qanday shod qilishni bilmayapman. Yordam bering ...
- ...
- Assalom alaykum!!! Bugun mana yana hamsuhbatmiz ... Men sizni qidirib topganimga hayron bo‘lmang. Men sizni topdim. Rostdan ham topdim ... Siz mening o‘zimsiz. Ha, aynan mening o‘zimsiz. Siz mening qalbimdagi yashirin tuyg‘ularim, orzularim, niyatlarimsiz. Siz mening azaliy orimsiz, nomusimsiz, bilganimsiz. Siz mening vijdonimsiz! Siz mening o‘zimsiz!
- [Assalom alaykum hurmatli foydalanuvchi. Siz murojaat qilayotgan dastur texnik sabablarga ko‘ra o‘chirildi. Dasturning yangi versiyasini tarmoqdan yuklab olishingiz va o‘zingizga yangi suhbatdosh tanlashingiz mumkin.]
- Nima? Tushunmadim?
- [Assalom alaykum hurmatli foydalanuvchi. Siz murojaat qilayotgan dastur texnik sabablarga ko‘ra o‘chirildi. Dasturning yangi versiyasini tarmoqdan yuklab olishingiz va o‘zingizga yangi suhbatdosh tanlashingiz mumkin.]
- Qanaqa dastur?! Inson taqdiri bilan o‘ynashmanglar!!! Men uni taniyman. U dastur emas, tirik inson, haqiqiy inson! U mening do‘stim, sirdoshim, ustozim! Aqldan ozibsizlar! Meni aqlim hali joyida. Ishonmayman bu tarmoqlaringga. Do‘stimni topib beringlar!!! Haqiqiy do‘stimni topib beringlar!!!
- [Assalom alaykum hurmatli foydalanuvchi. Siz murojaat qilayotgan dastur texnik sabablarga ko‘ra o‘chirildi. Dasturning yangi versiyasini tarmoqdan yuklab olishingiz va o‘zingizga yangi suhbatdosh tanlashingiz mumkin.]
2 Oktyabr, 2011 yil