Ayting, ko‘ngil rangi qanaqa?
Oqmi? Qora? Yoki alvon rang?
Kim biladi, balki u shaffof?
O‘zingizga, o‘zgaga qarang.
Ko‘ngil qanday? Qattiq yo mayin?
Mo‘rtmi yoki mustahkam, bikr?
Ko‘ngil shisha emas, tosh emas,
Ko‘nglingizdan qiling bir fikr.
Ko‘ngil oppoq, yo chandiq, yo dog‘,
Keng maydonmi, yo ko‘chasi tor?
Kimda yarim, kimda kemtik, but?
Ko‘ngil kuyi sizga ixtiyor.
Ko‘ngil sulton, ko‘ngil devona,
Sarson qilar taskin topmasa.
Kim ko‘nglini kuyiga yurgan?
Qadam bosmang ko‘ngil chopmasa.
Ayting kimning kimda ko‘ngli bor?
Kimdir bir do‘st, sirdosh gadosi.
Yor ko‘ngliga boqmagan kim bor?
So‘rang, aytar ko‘ngil sadosi.
Ko‘nglimiz sho‘x, ko‘nglimiz dono
Yo‘l ko‘rsatar suyaksiz tilga.
Mayli aql ustundir sizda,
Quloq soling goh goh ko‘ngilga.
5-oktyabr, 2017 yil.