Men sizni bir bora ko‘rishim kerak.
O‘ylamang, jon emas, o‘tinar nigoh.
Roz bering, nigohlar uchrashsin ilk bor,
Va ular qalblarni etsinlar ogoh.
Men sizni bir bora ko‘rishim kerak.
Anglamadi quloq, aytolmadi til,
Na mazmun, mohiyat qoldi so‘zlarda,
Ishonchsiz ishonchdan ochilmadi dil.
Men sizni bir bora ko‘rishim kerak.
O‘ylamang, bu sharpa nelarni xohlar.
Biz birga yashadik, o‘ldik, tirildik,
Faqat uchrashmagan qoldi nigohlar.
Men sizni bir bora ko‘rishim kerak.
O‘ylamang, jon shirin va osmon uzoq.
Yagona imkonim qoldi nigohdan,
Dil ochib so‘z aytmoq behuda tuzoq.
Men sizni bir bora ko‘rishim kerak.
O‘ylamang,.nigohlar yo‘ldan uradi.
Bir imkon, nigohlar anglar bir birin,
Ko‘zlarda dil aksi oshkor turadi.
Men sizni bir bora ko‘rishim kerak.
O‘ylamang, behuda, yo‘q demang faqat,
Faqat ko‘zlarimda qoldi so‘nggi so‘z,
Men sizga aytmoqchi bo‘lgan haqiqat.
25-dekabr, 2019 yil.