Qon yig‘laydi xiyobonda yolg‘iz o‘sgan sadarayhon
Yig‘lab aytgan sirlarini bulbul tinglar bo‘lib hayron:
“Bunchalar xam toshmehrli, metin yurak bo‘lar inson?
Bir ko‘ngillar ayrilig‘in guvohiman. Kuz kelsaydi.
Onlar o‘tar shamol kabi orzularin aytishguncha,
Kunlar o‘tar yillar kabi yana visol qaytishguncha.
Baxtli onlar izhoriga tugib qo‘ysam go‘zal g‘uncha
Tikonlarga aylanadi, “Alvido”lar. Yoz ketsaydi.
Unsiz o‘tinch, umid qolar, armon qolar nigohlarda.
Chora bormi, bilsam edi, men bilmagan gunohlarda?
Qasdim bordir ishq qasrini kemtik qurgan sipohlarda,
Zahrim sochib so‘lsam mayli, g‘animlarga. Kuz kelsaydi.
“Ketma” deya aytolmaydi. “Ketmang” deya aytolmayman.
Ikki izdan ikki taraf ketolmayman, yetolmayman.
Ikki taqdir qismatini bilolmayman, kutolmayman,
Yana ayro taqdir ko‘rmay yozim ketib kuz kelsaydi.
Najot bormi? Jonim beray. Dilni dilga bog‘lagin bas.
Ayriliqni qo‘y qiyomat. Visollardan yaralsin sas.
Kutib yashay izhori dil, toki mendan qolmagay xas,
Ayozlarga siltay gulim, bahor yana bir kelsaydi.
14 avgust, 2007 yil.