Kechikding muhabbat, endi kechikding.
Senga deb atalgan yuragim o‘lgan.
Ketaver, sen uchun endi nima bor?
Umiding uzaver, sabrim ham to‘lgan.
Chaqirsam kelmading, yalinib o‘tdim,
Birgina vaslingni ravo ko‘rmading.
Aldading sarobga to‘g‘rilab vaslim,
Bir bora kimsan deb holim so‘rmading.
Kelasan, ketasan, chimmating o‘rab.
Men yomon ortingdan laʼnat olaman.
Na borsan, na yo‘qsan, arosatmisan?
Ketaver. Bir o‘zim tanho qolaman.
Mehrga to‘ymadim, kelmadi rahming.
Armondan egildim, qilmading shavqat.
Ketaver, egamga tavakkal qildim,
Yo‘lingdan qolmagin endi muhabbat.
Mehrimdan so‘rayman endi qadrimni,
Do‘stim bor yagona, ruxdan ko‘nglim to‘q.
Ne kerak bilaman ikki olamdan,
Ketaver muhabbat, senga ishim yo‘q.
26 Yanvar, 2009 yil.