Ishqning ko‘zi ko‘rmi shunchalik?
Yurakka o‘q otar benishon.
Goho dardli oshiq dil kulib,
Goho quvnoq dil chekar fig‘on.
Ishqning ko‘zi ko‘rmi shunchalik?
Tanlamaydi qalbingdan makon.
Yosh tanlamas, husning tanlamas.
Tanlamaydi na on na imkon.
Ishqning ko‘zi ko‘rmi shunchalik?
Ko‘rmas taning dardini hatto.
Axir qandoq ishq xanjarini,
Yuragingga urar bexato?
Ishqning ko‘zi ko‘rmi shunchalik?
Bir visolga berar ming hijron.
Muhabbatning so‘qmoqlarida
Ikki dilni qiladi sarson.
Ishqning ko‘zi ko‘rmi shunchalik?
Baʼzi dilni ovlar ikki bor.
Nahot ko‘rmas daydi bu ovchi,
Qaysi bir dil unga intizor?
Ishqning ko‘zi ko‘rmi shunchalik?
Yoki mening ko‘zlarim basir?
Kim bo‘ldiyu qurbon, kim nishon?
Bilolmasman kim kimga asir?
20 noyabr, 2006 yil.