Donishmandlik bizga hayot so‘qmoqlarida ulug‘ saodatni hozirlab inʼom etuvchi vositadir. Abu Ali ibn Sino.

Taqdir charxpalagi

Taqdir charxpalagi

- Kimsiz?
- Siz kabi bir suhbatdoshman.
- Men his qilgan zavqni his qila olasizmi?
- Siz o‘zingiz hali his qilmagan zavqlaringizni his qila oldim.
- Lekin qo‘rqyapman. Adashdimmikin?

- Siz emas. Sizning qo‘lingizni qo‘yib yuborgan inson adashgan.
- Kimsiz?

Muhabbat xuddi charxpalakka o‘xshaydi: u seni osmonu falakka ko‘tarib olamni ko‘rsatadi. Quvnoq bo‘lsang zavqlanasan, qo‘rqsang boshing aylanadi. Mahkam ushlasang zavqing kamayadi, bo‘sh qo‘ysang yiqilish ehtimoling bor. Bir maromda aylanishga esa ko‘pchilikning sabri chidamaydi. Sening ham sabring chidamagandi. Taqdiringni bilganimda seni xuddi charxpalakka chiqqanu, endi qo‘rqqanidan uni mahkam ushlab to‘xtatmoqchi bo‘layotgan qizaloqqa o‘xshatgandim. Asta tushirib olishga urindim. Aslida sen charxpalakdan tushishga urinmading, aksincha, qo‘llaringni qo‘yib yuborgancha yiqilishingni kutib charxpalak bilan gir aylanarding.

- Kimsiz?
- Mana shu istirohat bog‘ida charxpalaklarni kuzatib yuraman. Yiqilmasliklaring uchun.
- Men esa yiqilib bo‘ldim.
- Aksincha. Hali taqdir charxpalagiga chiqib ham ulgurmadingiz.
- Unga chiqishni va yana bir bor yiqilishni istamayman.
- Lekin bu charxpalakda qayta va qayta uchamiz.
- Kimsiz?

Senga taqdir charxfalagini ko‘rsatib xato kildim. Sen o‘zing uchgan charxpalaklarni o‘yinchoq deb bilding, o‘zingni katta bo‘lib qolgandek his qilding, kattaroq va zavqliroq charxpalakda osmonu falakka ko‘tarilmoqni istading. Sendayin sho‘x qizaloqni avval uchratmaganman. Avaylab charxpalakdan tushirib qo‘ydim.

- Kimsiz?
- Nega bilib turib so‘rayapsiz?
- To‘g‘ri... Hatto nimani o‘ylayotganingizni ham bilaman.
- Siz o‘zingizni ko‘rdingizmi?
- Bunchalar o‘xshashlik... Har bir so‘z, fikr, xayol, harakat...
- Ha. Ikki tomchi suvdek. Kutmagan edim. Hatto sirlarimiz ham o‘xshash.
- Shoshmang. Kaftimizdagi chiziqlar?! Nahotki? Faqat aytmang, siz ham...
- Ha. Adashmasam aynan o‘sha kun tug‘ilganman.
- Kimsiz?

Bu qadar o‘xshashlik insonlar orasida kamdan kam topiladi. Bu safar men qo‘rqdim: menga aynan o‘xshashligingdan qo‘rqdim. Xayollaring ham, orzularing ham, taqdiring ham. Fikrlaring menikiga o‘xshashini istamasdim. Qismating menikiga o‘xshashini istamasdim. Haqiqating, yolg‘oning menikiga o‘xshashini istamasdim. Lekin farqni izlab topolmasdik. Yoki ko‘rmasdik.

- Kimsiz?
- Mening kimligimning ahamiyati yo‘q. Siz esa borsiz.
- Menga sizdan o‘zgani keragi yo‘q endi.
- Men esa sizni yo‘qotishni istamayman. Bu charxpalak baland va sekin aylanadi.
- Har qancha bo‘lsa sabr qilaman. Muvozanatni yo‘qotmayman.
- Bu safar sizni ushlab qola olmayman.
- Nega?! Kimsiz o‘zi?

Charxpalakni ko‘rsangu, unda zavqlanib uchmasang, ko‘nglingda armon qolarkan. Seni bog‘imning eng sara charxpalaklarida uchirdim. Sen esa eng kattasiga intilarding. Bir kishilik mangu charxpalak. Unga chiqish uchun tayyor emasligingni, yiqilsang nobud bo‘lishingni, unda sendan o‘zgaga joy yo‘qligini bilsang ham unda uchishga, zavqlanishga, osmonlarga chiqishga intilarding. Bir o‘zing emas, men bilan birga uchishni istarding. Men esa bu charxpalakni aylanmasligini, tuzatish uchun vaqt kerakligini bilardim. Sen ham bilarding. Axir bir birimizga ikki tomchi suvdek o‘xshaymizku?

- Kimsiz?
- Sabringizni sinoviman.
- Men esa charchadim. Boshqa charxpalakka chiqishni istamayman. Bu gal qattiq yiqildim.
- Siz hali biror bir charxpalakka chiqmadingiz.
- Yo‘q, chiqdim. Sizdan so‘ramay chiqdim. Chiqdimu, eng tepasiga yetganda yiqildim.
- Siz hali yiqilmadingiz.
- Yo‘q! Yiqildim. Yiqilganda xam parcha parcha bo‘lib sochilib ketdim.
- Yiqilib hali o‘rnidan turmagan odam yana qanday yiqilishi mumkin?
- Mehringiz toshdek, qalbingiz muzdek. Yovuzsiz. Kimsiz?

Men sizni sinalmagan charxpalakka olib chiqmaslik uchun yelkamda olib yurdim. Yiqilib ozor chekmasligingiz uchun charxpalakda uchishni o‘rgatdim. Zavqqa aldanmaslik uchun, xatarda qo‘rqmaslik uchun sizga taqdir charxpalagini nozik murvatlarini ko‘rsatdim. Fakat qo‘lingizni qo‘yib yuborishdan qo‘rqaman: baribir yana charxpalakka intilasiz. Chunki xuddi menga o‘xshaysiz.

- Kimsiz?
- Hech kim.

Asta qo‘lingizni qo‘yib yuboraman. Siz ketgan yo‘lakdan afsus va umid ifodasi qoladi. Men esa charxpalakni aylantirishda davom etaman. Sizni olib chiqib uchirmagan charxpalakni. Asta charxpalakdan surayman:
- Kimsiz?
Taqdir charxpalagining bir maromda g‘ichirlashi eshitiladi xolos...

14 Noyabr, 2011 yil.

Sahifamda zerikib qolmang!

  • O‘lmasoy Nishonova. Meni ishqdan sovutma dunyo...

    1984-yilning 22-avgustida Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tavallud topgan. Tumandagi o‘rta maktabni tamomlab, Marg‘ilon Milliy Xunarmandchilik Litseyiga o‘qishga qabul qilingan. Ijod namunalari «Marg‘ilon gulshani», «Farg‘ona tomonlarda» kabi to‘plamlarga kiritilgan.

  • Abdul Boqiy

    Abdul Boqiy (Kenjaboyev Abdulboqi Urayimjon o‘g‘li) – 1978-yilning 15-aprelida Namangan viloyatining Chortoq shahrida tavallud topgan.
    Adabiy faoliyati mobaynida nafaqat anʼanaviy uslubda, balki Modern, xususan, Neo modern, Metamodern uslublarida nazm va nasrda ijod qiladi.

  • Yoqimli sheʼr

    Yoqimli sheʼr. O‘zim yozdim. O‘zimga.
    Sheʼr yo‘g‘ida bir o‘qishga yaroqli.
    Mazza qildim! Tasanno har so‘zimga!
    O‘qiyapman qayta qayta. Maroqli.

  • Hamkasbimga hazil

    (Hamkasbimga hazil)

    Ul yigitkim bir jahon, bu zamon bir donadur,
    Yo‘q demakim ko‘rkini, har sifat nishonadur.

    Bir Umar farzandi ul, kindik qoni Namangon,
    Makon bo‘ldi Andijon-kim, tahsili Farg‘onadur.

  • Yoshlarga to‘y hazili

    Fido bo‘ldi bir oshiqning hurlik oni to‘yxonada,
    Bir gul yuzli barno kutar bo‘ldi uni ostonada.

    Ahli yori o‘ynab kular oshiq ko‘nglin olmoq bo‘lib,
    Ammo oshiq ko‘ngli to‘yda emas balki durdonada.

  • Matmusaning kartasi - 2

    Kirib kelar yangi yil, hayit eshik qoqmoqda,
    Bizning dono Matmusa kassa tomon boqmoqda.

    Ishlar joyi tayindir, maoshidan ko‘ngli to‘q,
    Bor boyligi kartada, cho‘ntagida tiyin yo‘q.
    Kutib o‘tar kun sayin, ishga kelar maosh deb,
    Axir bir kun tugaydi, yotaversa karta yeb.