Sukunat,
kechirgin,
Buzdim tinchingni.
Axir men tirikman!
Yuragim duk-duk.
Na qilay?!
O‘ylayman, xayollar shovqin:
Sen esa jimjitlik,
Sukunat buyuk!
Bag‘ringda yotaman,
Qadamlar taʼqiq.
Qo‘rqaman oldingda olgani nafas.
Hattoki lablarim qotgan muz kabi,
Xayoldan o‘zgasi berolmaydi sas.
Sukunat,
Bilaman,
Jahling chiqmoqda.
Xo‘p, unsiz yig‘layman,
Unsiz kulaman.
Mayliga, jismimdan chiqmas bir sado,
Faqat o‘ylamasam, ado bo‘laman.
Sukunat,
Bag‘ringdan haydama meni.
Shovqin bu mahbubam,
Sen esa Onam!
Mehringdan umidvor, bosh egib keldim,
Sen mening uyimsan, ular to‘yxonam.
Sukunat, kechirgin, buzdim tinchingni...
19-Iyul, 2017 yil.