Tuni bilan yog‘di yomg‘ir bahs boylashib ko‘z yoshimga,
Sel yuvadi g‘uborlarim, dard quyilar bardoshimga,
Qora tunda qora bulut aylanadi sirdoshimga,
Nega senga ketgin dedim? Sen ham ketding muhabbatim?!
Nega bir bir tashlab ketdi qalbim suygan insonlarim?
Nega bir bir uchar bo‘ldi mehr nomli yolqinlarim?
Qayda qoldi dilimdagi quvonchlarim, toshqinlarim?
Nechun sendan kechar bo‘ldim, sen ham kechding muhabbatim?
Yo bardoshim yetmasmidi? Taslimmanmi hijronlarga?
Adashdimmi yana qayta mehrim berib insonlarga?
Yoki yana aldandimmi taqdir degan dostonlarga?
Seni tashlab men ketdimmi yoki senmi muhabbatim?
Seni ko‘rmay suygan bo‘lsam ko‘r qalbimni suyarmiding?
Orzularim bilganingda sen ham armon tuyarmiding?
Isming aytib jonim bersam zarra bo‘lsa kuyarmiding?
Ketma desam qabrimda ham qolarmiding muhabbatim?
Yomg‘ir yog‘ar sel-sel bo‘lib, savollarga yo‘ldosh bo‘lib…
Chaqmoq kabi portlay deyman, dod solaymi ko‘ksim to‘lib?
Bulut to‘sgan hilol kabi ruxim borar asta so‘nib,
Men ketgandek tashlab seni umrim ketar muhabbatim…
20 Mart, 2007 yil
Yomg‘irli qora tun.
Hindiston.