Assalomu alaykum ey ahli muhabbat va ahli ishq!
Avvalam bor sizlarga Nafosat sahifasiga, muhabbat bo‘stoniga qilgan tashrifingiz uchun tashakkur izhor qilaman. Sizning sabringizga va ishtiyoqingizga tahsinlar aytaman.
Har kuni siz aziz muxlislardan, muhabbat shaydolaridan, ko‘ngil do‘stlaridan xabarlar olaman. Kimdir do‘st qidiradi, kimdir shirin so‘z, yana biri ishq dardiga bo‘lgan mubtalo. Yana biri hijronlarda azob chekadi, yana birin xiyonatdan qalbi dilpora. Biri asli yoq deb sevgi-muhabbat, yana dardim bor deb menga dardin to‘kadi. Yana biri muhabbatga aytib tasanno, maqtovlarin unga atab menga bitadi.
Ming afsuski, ularning dil so‘zlari bitilgan xatlariga alohida-alohida javob berish uchun fursat topa olmayman. Nainki, har bir fursat g‘animat ekanligini bilsamda. Shu sababli, mening ochiq javobim sizni xafa qilib qo‘ymasa deb qo‘rqaman.
Muhabbat izlagan, undan azob chekkan, uni qo‘msagan, uni tark etgan, yoinki ishni sarob his etgan qalblar uchun ochiq xat bilan javob bermoqchiman.
Xulosa chiqarish esa sizga havola.
Bayt:
Muhabbat bog‘iga tashlab bir nigoh
Xayolim yo‘qotdim, aqlim parishon.
Sevmagan qalblarni etayin ogoh,
Zanjirband qul kabi yuribman hamon!
Men bir donishmand inson bilan suhbatlashib, Muhabbat haqida juda go‘zal bir tushunchaga ega bo‘lgan edim. Balki bu falsafa sizga ham foyda keltirsa ajab emas.
Muhabbat nima, u qachon keladi, qanday ko‘rinishga ega?
Ilk muhabbat tushunchasi nimani anglatadi?.
Boqiy muhabbatchi?
Muhabbat qanchalar nisbiy, qanchalar mavhum.
Go‘dakning ilk muhabbati onaga bo‘ladi. Go‘dak uchun ona mehri, ona suti qadrliroq.
Bolakay yaqin insoniga, ustoziga, tengdoshiga muhabbat izhor qiladi. Uning uchun bilim olmoq, dunyoga qadam qo‘ymoq qadrlidir.
O‘spirin yigit yoki qiz yaqin tengdoshiga, do‘stiga, qo‘shnisiga ko‘ngil qo‘yadi. Ular uchun sirli uchrashuvlar, shirin orzular, orzu-havas qiziqroqdir. Ularga iztirobdan gapirmang, toki ilk muhabbati iztiroblarni his qilmasin.
Balog‘atga yetgan yigit-qizlar esa boshqa jins vakiliga, go‘zallikka va ehtirosga muhabbat izhor qiladilar.
Ularning jismi, o‘y-xayollari, turish-turmushi olovli muhabbatni, sevgi iztiroblarini izlaydi. Ularning ko‘z oldini tuman qoplaydi. Shirin bo‘salar sog‘inchi, qalblarning birlashuvi hissi, tananing iliq harorati ularni bir tanu, bir jon bo‘lishga undaydi. Ular uchun go‘yo bu dunyoda boshqa inson yo‘qday. Ular go‘zallikni, ehtirosni va lazzatni sevgi deb ataydilar. Bir onlik ayriliqni hijron azobiga tenglashtiradilar. Bir og‘iz xatolikni xiyonat deb biladilar. Jo‘sh urayotgan qaynoq qon ko‘zni ko‘r qilib, tilni gung aylaydi. Ular bir-birining jamolidan boshqa narsani ko‘rmaydilar, bir-birining so‘zidan boshqaning so‘zini tinglamaydilar. Balki otashin muhabbat aynan shunday bo‘lishi kerakdir?
Bayt:
Sevgimni yo‘qotsam o‘laman derlar.
Lek chindan aytadi bu gaplarni til.
Birini yo‘qotmay turib boshqasin
Sevgancha oshiqlar yasharlar yuz yil!
Navqiron erkak va yoki ayol uchun bu ehtiroslar, iliq bo‘salar, uyqusiz tunlar, bir birining og‘ushidagi totli lahzalar yangilik emas. Ular uchun muhabbat, bir-biriga bo‘lgan sadoqat, mehr va ko‘mak muhimroqdir. Ularning oila tashvishlari, intilishlari, hayot maqsadlari bir. Ular ehtirosdan ko‘r bo‘lmaydilar, ular hayotga ochiq ko‘z bilan boqadilar. Ular bir birlariga kerak va zarur. Ularning ishi bir birisiz bitmaydi, birining ishiga boshqasi ko‘mak bo‘ladi, bir-biriga maslahatchi bo‘ladilar. Balki asl muhabbat ularning yoshida paydo bo‘lar?
Bayt:
Ishq o‘tida ikki yurak bo‘ldi xarob,
Biriga zax, biriga do‘st bo‘ldi sharob.
Ey Alisher, bu dunyoda ishqida kim
Obro‘ topsa hamki baʼzan bo‘ldi sarob.
Bilmadim, balki biz ham Alloh nasib qilsa keksalik gashtini surarmiz.
Keksalar duo qiladilar: Alloh meni qariganimda yolg‘izlatib qo‘ymasin deb.
Keksalar duo qiladilar: Qo‘sha qaringlar deb.
Keksalar duo qiladilar: Meni cholimdan, kampirimdan ortda qoldirma deb.
Bu satrlarni yozar ekanman, bo‘g‘zimga alla nima tiqiladi: Mana shu muhabbat emasmi? Ularga nima keragi bor endi orzu havaslarni? Orzulari ushalgani shu emasmi? Ular endi ota-ona mehriga muhtoj emaslar, bu mehrni endi ular beradilar. Ularga sirli uchrashuvlar, totli suhbatlar kerk emasdir balki? Ularga ne hojat ehtirosli bo‘salaru, qaynoq quchoqlar? Balki ko‘zlarida umid, mehr va iliqlik sezmoq oson emasmi? Go‘dak ulg‘ayib onasini unutadi, o‘spirinlar arazlashadi, bo‘ydoqlar kerak bo‘lsa boshqasini topadi, navqironlari o‘z hayotini o‘zlari belgilaydilar.
Lekin keksalarchi? Ular bir birga araz qilishdan, bir biridan uzoqlashishdan, bir-biriga xiyonat qilishdan, bir-birini unutishda, bir-birini yo‘qotishdan qo‘rqadilar. Toki, ular muhabbatini yo‘qotsalar dunyo oxir zamon bo‘ladigandek.
Ularning muhabbatini Allohga bo‘lgan muhabbatga tenglasak mubolag‘a bo‘lmas. Toki Allohga muhabbat uning bandasiga bo‘lgan muhabbatdan boshlanar.
Ey ahli muhabbat!
Balki bu misralar sizga zerikarlidir. Lekin o‘ylab ko‘rishga cheksiz, to umringiz oxirigacha vaqt bor. Bir zum totli bo‘salarni unutishga, qaynoq ehtiroslardan uzoqlashishga, uyqusiz tunlarni eslamaslikka harakat qilinglar. Balki shunda sizlar o‘z kamchiliklaringizni, ochiq basharangizni, muhabbatingizning kemtik joylarini ko‘rishga muvaffaq bo‘larsizlar. Balki kelajakka oqilona baho berib, to‘g‘ri yo‘lni topib olarsizlar. Balki o‘zingizni adashgan deb hisoblarsizlar.
Muhabbat bu hayot emas, balki hayotning mazmunidir. Hayot muhabbat uchun bir sinov maydoni xolos. Dunyo tashvishlari shu qadar chigalki, bu so‘qmoqlarda to‘g‘ri yo‘lni yo‘qotganlar, Allohni unutganlar ko‘p bo‘lgan. Agarchi, sizlarning ko‘zlaringiz ochilib muhabbatni ko‘ra olsangiz men bag‘oyat xursand bo‘lgan bo‘lar edim. Toki sizning muhabbatingiz boqiy bo‘ladi.
Ey ahli do‘st!
Sizlar, garchi muhabbat ne ekanligini bilsangizlar ham, yana bir bor tushuntirishga, eslatishga harakat qildim. Balki, sizlar o‘z muhabbatingiz qadrini bilib olarsiz.
Agar shunday bo‘lsa, aminmanki sizlarga hech kim qarshilik qilolmaydi. Muhabbatda shunday kuch, aql, odillik borki, sizlar har qanday to‘siqlarni qiyinchiliklarsiz, ko‘ngilsizliklarsiz yengib o‘tasizlar. Asl muhabbat uchun nafaqat ota-onangiz, balki farishtalar ham duo qiladilar. Alloh sizlarning qalbingizni, niyatlaringizni pok qilsin, muhabbatingizni o‘z panohida asrasin.
Chaqmagay ko‘r qalbni so‘z, garchi u chaqmoq emas,
Chaqsa hamki bo‘lsa do‘st, niyati chaqmoq emas.
yoki
Ul bodomkim, ahli donish uning mag‘zin chaqadur.
Ul chayonkim, kimki badxulq, aning og‘zin chaqadur.
Ey Alisher, ehtiyot bo‘l, qo‘ymag‘il o‘z holig‘a,
Bir xatolig‘ aylasang kim, yigit labzing chaqadur.
yoki
Ayo do‘stlar kechiringiz qilsam xato,
Buni meros qoldirmishdir Odam Ato.
Ali Al Mehr
19 Fevral, 2008 yil.